A13

13-amaliy mashg‘ulot · 13-mavzu · 2 soat · Korxona ilovalarini dasturlash

Profillash, indekslar va keshlash

Jamoa loyihasi (OmborPro) bosqichi, 5 ta amaliy PHP topshiriq va 3 ta ma’ruzadagi mashq. Yo‘riqnoma bo‘yicha loyihada ishlang, havolani topshiring va PHP topshiriqlarni yeching — server yashirin testlar bilan tekshiradi, o‘qituvchi baho qo‘yadi.

Mashg‘ulot maqsadi

  • O‘lchash — Debugbar va so‘rovlar logi yordamida asosiy sahifalarning boshlang‘ich ko‘rsatkichlarini
  • Bartaraf etish — buyurtmalar, mahsulotlar va hisob-fakturalar sahifalaridagi N+1 muammolarini
  • Qo‘shish — haqiqiy so‘rovlar uchun indekslarni va ularni EXPLAIN ANALYZE bilan isbotlashni
  • Keshlash — hisobotlarni Redis’da teglar bilan va hodisa bo‘yicha invalidation bilan
  • Sozlash — JSON loglar, request_id, /up va /health endpointlarini
  • Yozish — “oldin/keyin” raqamlari bilan unumdorlik hisobotini (docs/performance.md)

1. 1-bosqich: profillash va N+1 ni bartaraf etish

Katta test ma’lumotlari · Debugbar · eager loading · so‘rovlar soni testi

Unumdorlik muammolari faqat katta ma’lumotda ko‘rinadi, shuning uchun birinchi qadam — realistik hajmdagi test ma’lumotlari. Alohida PerformanceSeeder yarating: 2 000 ta mahsulot, 300 ta kontragent, 3 ta ombor, 20 000 ta buyurtma (har birida 1–5 pozitsiya), 50 000 ta ombor harakati. Factory’lardan foydalaning (Order::factory()->count(...)->has(OrderItem::factory()->count(3), 'items')), katta hajmda esa insert() bilan 1 000 talik bo‘laklarda yozing — aks holda seeder o‘zi soatlab ishlaydi. Bu seeder faqat lokal va staging uchun, productionga ishga tushirilmaydi.

Keyin barryvdh/laravel-debugbar ni --dev bilan o‘rnating va asosiy sahifalarni birma-bir oching: buyurtmalar ro‘yxati, buyurtma kartasi, mahsulotlar (ProductTable Livewire komponenti), hisob-fakturalar, dashboard, API GET /api/v1/products. Har bir sahifa uchun jadvalga yozing: so‘rovlar soni, takroriy so‘rovlar, sahifa vaqti, yuklangan modellar soni. API uchun Debugbar ko‘rinmaydi — Telescope yoki DB::enableQueryLog() bilan test orqali o‘lchang. Bu boshlang‘ich nuqta (baseline): keyingi barcha o‘zgarishlar shu raqamlar bilan solishtiriladi.

Takroriy so‘rovlar topilgan joylarda eager loading qo‘llang: controller’da with([...]), sanoq va yig‘indi uchun withCount() / withSum(), API resurslarida whenLoaded() bilan faqat yuklangan munosabatni chiqarish. AppServiceProvider da Model::preventLazyLoading(! $this->app->isProduction()) ni yoqing va barcha sahifalarni qayta oching — qolgan lazy loading joylari istisno bilan ko‘rinadi. Oxirida eng muhim sahifalar uchun so‘rovlar soni testi yozing: 5 ta va 30 ta buyurtma bilan so‘rovlar soni bir xil bo‘lishi kerak. Bunday test kelajakda kimdir Blade’ga yangi munosabat qo‘shib N+1 ni qaytarsa, CI’da darhol yiqiladi.

1-QADAM

Ma’lumot va profiler

composer require barryvdh/laravel-debugbar --dev
php artisan make:seeder PerformanceSeeder
php artisan migrate:fresh --seed --seeder=PerformanceSeeder

# so'rovlar sonini tez tekshirish (tinker)
php artisan tinker
>>> DB::enableQueryLog();
>>> Order::latest()->take(50)->get()->each->counterparty;
>>> count(DB::getQueryLog());
▶ Natija
Database\Seeders\PerformanceSeeder ........... 48s DONE
= 51
  • migrate:fresh — faqat lokal bazada! barcha jadvallarni o‘chirib qayta yaratadi
  • --seeder= — faqat katta hajmli seeder ishga tushadi
  • ->each->counterparty — har bir buyurtma uchun lazy so‘rov — 51 ta
O‘LCHOV JADVALI

Boshlang‘ich nuqta (baseline) — namuna

SahifaSo‘rovlar (oldin → keyin)Vaqt (oldin → keyin)Nima qilindi
/orders (50 ta)103 → 62,4 s → 180 mswith(['counterparty', 'warehouse']), withCount('items')
/orders/{id}38 → 4420 ms → 60 msload('items.product', 'invoice.payments')
ProductTable (Livewire)62 → 3900 ms → 110 mswith('category'), stocks yig‘indisi withSum()
GET /api/v1/products41 → 3350 ms → 70 mswith() + whenLoaded() resursda
Dashboard12 → 123,1 s → 3,1 sN+1 emas — og‘ir agregatsiya: 2-bosqichda kesh
Raqamlar — namuna. O‘z loyihangizda haqiqiy o‘lchovlarni yozing; bir xil ma’lumot va bir xil muhitda o‘lchang.
REGRESSIYA TESTI

So‘rovlar soni buyurtmalar soniga bog‘liq emas

<?php

use App\Models\Order;
use App\Models\User;
use Illuminate\Support\Facades\DB;

it('orders sahifasida N+1 yo‘q', function () {
    $this->actingAs(User::factory()->create());

    $count = function (int $n): int {
        Order::factory()->count($n)->hasItems(3)->create();
        DB::flushQueryLog();
        DB::enableQueryLog();
        $this->get('/orders')->assertOk();
        return count(DB::getQueryLog());
    };
    expect($count(5))->toBe($count(25));
});
▶ Natija
PASS  Tests\Feature\OrdersPerformanceTest
✓ orders sahifasida N+1 yo‘q                0.84s
  • $count(5) vs $count(25) — N+1 bo‘lsa, ikkinchi son katta chiqadi va test yiqiladi
  • DB::flushQueryLog() — ma’lumot tayyorlash so‘rovlari hisobga kirmaydi
  • hasItems(3) — factory’ning sehrli has{Munosabat} metodi: har buyurtmaga 3 ta pozitsiya
Ikkinchi chaqiruvda bazada 30 ta buyurtma bo‘ladi — bu atayin: hajm oshsa ham so‘rovlar soni o‘zgarmasligi kerak.

2. 2-bosqich: indekslar va hisobotlarni keshlash

So‘rovlarni yig‘ish · indeks migratsiyasi · EXPLAIN ANALYZE · Redis kesh va invalidation

Indekslarni taxmin bilan emas, haqiqiy so‘rovlar ro‘yxati asosida qo‘ying. Debugbar yoki Telescope’dan eng sekin va eng ko‘p takrorlanadigan 5–7 ta so‘rovni yozib oling (->toRawSql() bilan aniq SQL). Har biri uchun psql’da EXPLAIN (ANALYZE, BUFFERS) ni bajaring va natijani saqlang: reja turi, Rows Removed by Filter, Execution Time. OmborPro uchun tipik nomzodlar: orders(status, created_at), orders(counterparty_id), order_items(order_id), stock_movements(product_id, created_at), invoices(status, due_at), payments(invoice_id). unique cheklovlar (products.sku, stocks(warehouse_id, product_id), payments.external_id) allaqachon indeksga ega — ularni takrorlamang.

Indekslar alohida migratsiyada qo‘shiladi (add_performance_indexes), down() da esa dropIndex([...]) bilan olib tashlanadi. Migratsiyadan keyin ANALYZE orders; (PostgreSQL statistikasini yangilash) va xuddi shu EXPLAIN larni qayta bajaring. Natija Index Scan yoki Bitmap Index Scan bo‘lishi, Execution Time keskin kamayishi kerak. Agar planner baribir Seq Scan tanlasa — sababini tahlil qiling: jadval kichikmi, shart selektivmi, ustunga funksiya qo‘llanmaganmi? Hisobotga ikkala rejani ham qo‘shing.

Dashboard va oylik hisobotlar kabi og‘ir agregatsiyalarni ReportService da Redis kesh bilan o‘rang. .env da CACHE_STORE=redis, kalitlarga barcha parametrlarni kiriting (oy, ombor, format versiyasi), teglar bilan guruhlang (reports, warehouse:{id}), TTL qo‘ying (5–15 daqiqa). Invalidation uchun OrderConfirmed va to‘lov qabul qilinishi hodisalariga listener yozing. Kesh ishlashini isbotlang: birinchi so‘rov MISS (vaqt va SQL soni), ikkinchisi HIT (0 ta SQL), buyurtma tasdiqlangandan keyin yana MISS. Bu ketma-ketlikni Pest testi bilan ham tekshirish mumkin: Cache::tags(['reports'])->has($key).

INDEKS MIGRATSIYASI

add_performance_indexes

public function up(): void
{
    Schema::table('orders', function (Blueprint $table) {
        $table->index(['status', 'created_at']);
        $table->index('counterparty_id');
    });
    Schema::table('stock_movements', function (Blueprint $table) {
        $table->index(['product_id', 'created_at']);
    });
    Schema::table('invoices', function (Blueprint $table) {
        $table->index(['status', 'due_at']);
    });
}
public function down(): void
{
    Schema::table('orders', fn (Blueprint $t) => $t->dropIndex(
        ['status', 'created_at']));
}
▶ Natija
INFO  Running migrations.
2026_10_27_120000_add_performance_indexes ...... 1.2s DONE
  • index([...]) — har bir indeks — sekin so‘rovlar ro‘yxatidagi aniq so‘rov uchun
  • dropIndex([...]) — ustunlar massivi bo‘yicha Laravel indeks nomini o‘zi tiklaydi
  • down() — namuna qisqartirilgan: har bir index() uchun dropIndex() yozing
ISBOT

EXPLAIN (ANALYZE, BUFFERS): oldin va keyin

-- muddati o'tgan to'lanmagan hisob-fakturalar
EXPLAIN (ANALYZE, BUFFERS)
SELECT id, number, total, paid_amount
FROM invoices
WHERE status = 'unpaid' AND due_at < '2026-10-27'
ORDER BY due_at
LIMIT 100;

-- migratsiyadan keyin statistikani yangilash
ANALYZE invoices;
▶ Natija
-- oldin:  Seq Scan on invoices ... Rows Removed by Filter: 118930
--         Buffers: shared hit=2210   Execution Time: 28.7 ms
-- keyin:  Index Scan using invoices_status_due_at_index on invoices
--         Buffers: shared hit=9      Execution Time: 0.3 ms
  • BUFFERS — nechta sahifa (8 KB) o‘qilganini ko‘rsatadi — vaqtdan barqarorroq ko‘rsatkich
  • ANALYZE invoices — planner statistikasini yangilaydi
  • oldin/keyin — ikkala reja ham docs/performance.md ga qo‘shiladi
REDIS

Dashboard keshi va invalidation

public function dashboard(int $whId): array
{
    return Cache::tags(['reports', "warehouse:{$whId}"])->remember(
        "report:dashboard:v1:wh={$whId}",
        now()->addMinutes(5),
        fn () => [
            'today_orders' => $this->todayOrders($whId),
            'low_stock' => $this->lowStockCount($whId),
            'unpaid_total' => $this->unpaidTotal(),
        ],
    );
}

// app/Listeners/FlushReportCache.php
public function handle(OrderConfirmed $event): void
{
    Cache::tags(["warehouse:{$event->order->warehouse_id}"])->flush();
}
▶ Natija
GET /dashboard  1-marta: MISS  12 SQL  3,1 s
GET /dashboard  2-marta: HIT    0 SQL  95 ms
OrderConfirmed → flush → 3-marta: MISS
  • v1 — hisobot formati o‘zgarsa v2 — eski kesh avtomatik ishlatilmay qoladi
  • now()->addMinutes(5) — invalidation unutilsa ham ma’lumot 5 daqiqadan ortiq eskirmaydi
  • warehouse:{id} — faqat o‘zgargan omborning keshi tozalanadi

3. 3-bosqich: loglash, health endpoint va unumdorlik hisoboti

JSON kanal va request_id · /up va /health · Sentry (ixtiyoriy) · docs/performance.md

config/logging.php ga JSON kanal qo‘shing va .env da LOG_STACK=daily,json qiling. AssignRequestId middleware’i har bir so‘rovga request_id beradi (Context::add) va uni X-Request-Id javob sarlavhasida qaytaradi. Biznes hodisalarini strukturali loglang: order.confirmed, stock.reserved, invoice.issued, payment.received, import.finished — har birida identifikatorlar va summalar kontekstda. Maxfiy maydonlar (parol, token, karta) logga tushmasligini tekshiring: storage/logs dagi faylni grep password bilan qidiring — natija bo‘sh bo‘lishi kerak.

bootstrap/app.php da health: '/up' borligini tekshiring va DiagnosingHealth listener’i bilan baza va Redis tekshiruvini qo‘shing. Alohida /health marshruti JSON qaytarsin: database, redis, queue (navbat uzunligi) tekshiruvlari, har biri ok va ms bilan; muhim qism ishlamasa 503. Sinab ko‘ring: docker compose stop db dan keyin /up 500, /health 503 qaytarishi kerak; docker compose start db dan keyin yana 200. Ixtiyoriy (qo‘shimcha ball): Sentry yoki GlitchTip ulang, php artisan sentry:test bilan test hodisasini yuboring va request_id ni Sentry tegi sifatida qo‘shing.

Yakunda docs/performance.md hisobotini yozing — bu amaliy mashg‘ulotning asosiy natijasi. Tuzilmasi: test muhiti va ma’lumot hajmi; o‘lchash usuli; jadval “sahifa → so‘rovlar va vaqt oldin/keyin”; har bir indeks uchun EXPLAIN oldin/keyin; kesh kalitlari ro‘yxati, TTL va invalidation hodisasi; loglash va health endpoint tavsifi; qolgan muammolar va keyingi qadamlar. Hisobotdagi har bir raqam takrorlanadigan bo‘lsin: boshqa jamoa a’zosi seeder va buyruqlarni ishga tushirib, xuddi shunday natijani olishi kerak.

SINOV

Health endpointni tekshirish

curl -i https://omborpro.test/up
curl -s https://omborpro.test/health | jq .status

docker compose stop db
curl -s -o /dev/null -w "%{http_code}\n" https://omborpro.test/up
curl -s -o /dev/null -w "%{http_code}\n" https://omborpro.test/health
docker compose start db

# loglarda parol yo'qligini tekshirish
grep -ri "password" storage/logs/ || echo 'toza'
▶ Natija
HTTP/1.1 200 OK
"ok"
500
503
toza
  • /up → 500 — DiagnosingHealth listener’idagi DB::select istisno tashladi
  • /health → 503 — muhim tekshiruv (database) ishlamadi — fail
  • grep ... || echo — hech narsa topilmasa “toza” chiqadi
HISOBOT

docs/performance.md tuzilmasi

  1. Muhit — Docker stek, PostgreSQL 16, Redis 7; ma’lumot hajmi (20 000 buyurtma va h.k.)
  2. Usul — Debugbar, DB::getQueryLog(), EXPLAIN (ANALYZE, BUFFERS), 5 marta o‘lchab mediana
  3. N+1 — sahifalar jadvali: so‘rovlar va vaqt oldin → keyin, nima o‘zgartirildi
  4. Indekslar — har bir indeks: qaysi so‘rov uchun, reja oldin/keyin
  5. Kesh — kalitlar, TTL, teglar, invalidation hodisalari; HIT/MISS isboti
  6. Kuzatuvchanlik — JSON log namunasi, request_id, /up va /health javoblari, Sentry (bo‘lsa)
Hisobot oxirida: “hali hal qilinmagan” bo‘limi — halol yozilgan cheklovlar ijobiy baholanadi.

Loyiha bosqichi: natija va topshirish

Natija: asosiy sahifalarda N+1 muammolari bartaraf etilgan, haqiqiy so‘rovlar uchun indekslar qo‘shilgan, hisobotlar Redis’da keshlanadi, JSON loglar va health endpoint ishlaydi; “oldin/keyin” raqamlari bilan unumdorlik hisoboti tayyor.

Baholash mezonlari
  • PerformanceSeeder mavjud va kamida 10 000 ta buyurtma yaratadi; Debugbar faqat require-dev da.
  • Kamida 3 ta sahifa yoki endpoint uchun N+1 bartaraf etilgan; Model::preventLazyLoading() dev muhitda yoqilgan.
  • So‘rovlar soni buyurtmalar soniga bog‘liq emasligini tekshiruvchi kamida bitta Pest testi CI’da o‘tadi.
  • Alohida migratsiyada kamida 3 ta indeks qo‘shilgan, har biri uchun EXPLAIN ANALYZE oldin/keyin hisobotda bor.
  • Kamida bitta hisobot Redis’da teglar bilan keshlanadi; kalitda barcha parametrlar; hodisa bo‘yicha invalidation ishlaydi.
  • JSON log kanali va request_id ishlaydi; loglarda parol, token va karta raqami yo‘q.
  • /up va /health ishlaydi: baza to‘xtatilganda mos ravishda 500 va 503 qaytaradi.
  • docs/performance.md — o‘lchov jadvali, rejalar, kesh strategiyasi va qolgan muammolar bilan.

📤 GitHub’dagi perf branch’idan main ga Pull Request havolasini topshiring: PR tavsifida docs/performance.md ga havola, Debugbar skrinshotlari (oldin/keyin) va /health javobi bo‘lsin.

?

Qanday ishlaydi. Chapdan topshiriqni tanlang, shartni o‘qing va shartdagi imzo bo‘yicha sof PHP funksiya yoki sinf yozing (Laravelsiz). ▶ Sinab ko‘rish — pastdagi chaqiruv ifodasini kodingiz bilan bajaradi (baholanmaydi). ✓ Topshirish — server kodni namunaviy va yashirin testlar bilan tekshiradi; natija o‘qituvchiga ko‘rinadi.

Yechildi 0 / 8
Ball 0

💡 Maslahat

PHP 8.3 kodi · avtomatik saqlanadi